Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida gender tenglikni ta'minlash mexanizmlari (Yangi O‘zbekiston misolida)

07-01-2022 44

    Gender masalalari insoniyat tamaddunining rivoji va ishlab chiqarish jarayonini tartibga solishda dolzarb ahamiyat kasb etadi. O‘tmishdan bugungi kunga qadar gender tenglik mavzusi hamisha qizg‘in bahs munozaralarga sabab bo‘lib kelgan. Tarixda ayollar bilan erkaklar, qiz va o‘g‘il farzandlar o‘rtasida teng huquqlilik bo‘lmaganligi bois xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy huquqlari uzoq davr mobaynida buzilib kelgan.

Dunyo tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak diniy ta’limotlarda ham gender tengligi masalalari umuman jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlarda huquqiy asos vazifasini o‘tab bergan.

Islom ta’limotida esa ayol hayotning barcha jabhalari – ilm olish, mehnat qilish, meros olish, jamiyat rivoji uchun faol qatnashishda erkak bilan teng huquqli ekanligini e’tirof etadi. Islom dinida ayol bilan erkakning, o‘g‘il va qiz farzandlarning huquqlari tengligi haqida tushuncha mavjud bo‘lsada, ushbu fikrga yondashuvlardagi o‘ziga xoslik ba’zi bir omillar bilan tushuntiriladi. Islom dinining muqaddas kitobi Qur'oni Karimda erkak va ayol shaxsiy, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy huquqlarga bir xilda ega ekanligi Baqara, Oli imron, Niso, Mujodala va yana bir qancha suralarda e’tirof etiladi. Bir so‘z bilan aytganda, Islom ta’limoti insoniyatga xotin-qizlarning oilada tutgan o‘rni, onalikni muhofaza qilish, asrash, erkaklarning ayollar oldidagi burchlari, ayollarning erkaklar oldidagi majburiyatlarini belgilab, xotin-qizlarning jamiyatdagi maqomi nechog‘lik ahamiyat kasb etishini yaqqol namoyon qiladi.

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, davlat va jamiyatdagi rolini kuchaytirish, ayollarni ishga joylashtirish, kasb-hunar kollejlarida tahsil olayotgan qizlarni va jamiyatning turli jabhalarida faoliyat yuritayotgan ayollarni tadbirkorlikka keng jalb etish va oila poydevorini yanada mustahkamlash belgilangan.

Xalqaro amaliyotga ko‘ra, mamlakatning demokratik yangilanishi hamda modernizatsiyasida ayollarni, ayniqsa, xotin-qizlarni har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan aniq rejali ishlarni amalga oshirish muhim ahamiyatga ega. Zero, gender masalalari tengligini ta’minlash, ayollarning rolini oshirish va davlat boshqaruvida imkoniyatlarini kengaytirish, bandlikni kengaytirish, tadbirkorlikni rivojlantirish va ayollarning ijtimoiy himoyasini ta’minlash har bir davlat siyosatida ustuvor yo'nalish hisoblanadi.

Bugungi kunda davlat boshqaruvida xotin-qizlarning rolini oshirish ham milliy barqaror rivojlanishning asosiy maqsadlaridan biri hisoblanib, bu boradagi islohotlarni jadallashtirish maqsadida yurtimizda bir qancha normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Xususan, “2020-2030 yillarda O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi” loyihasi ishlab chiqildi. Shuningdek, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun hamda 2030 yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsadlari qabul qilinishi shular jumlasidandir.

Shuningdek, 2020 yil 18 fevraldagi “Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi PF-5938-sonli Farmoni va 2021 yil 5 martdagi PQ-5020-sonli “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorlarining qabul qilinishini alohida ta’kidlab o‘tishimiz lozim.

Jahonda bunday strategik islohotlarni ko‘plab davlatlar siyosatida ham amalga oshirilayotganligini ta’kidlash joiz. Jumladan, 2019 yil fevral oyida AQSH prezidenti maslahatchisi I. Tramp “Ayollar taraqqiyoti va farovonligi global tashabbusi” bilan chiqdi. Mazkur tashabbus dunyo bo'ylab ayollarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan 18 yo'nalishdan iborat bo'lib, 122 million AQSH dollari qiymatidagi budjetga ega.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2020-yil 8-oktabrda davlat va jamiyat boshqaruvida ayollar va yoshlarning rolini oshirish hamda bandligini ta’minlash chora-tadbirlari muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida quyidagi masalalarga alohida e'tibor qaratildi:

    Birinchidan, jamiyatda ayollar va yoshlarning rolini oshirish va bandligini ta’minlash maqsadida tuman, shahar va viloyatlar kesimida “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ni shakllantirish tizimini yaratish g‘oyasi ilgari surildi. Bugungi kunda xotin-qizlar va yoshlar – aholining katta qismi, ijtimoiy masalalarning aksariyati ham ular bilan chambarchas bog'liq. Xotin-qizlar masalalari bo'yicha har bir mahallada alohida rais o'rinbosari, tumanda – mahalla va oila bo'limi boshlig'i o'rinbosari va 2 nafar mutaxassisi, viloyatda esa 8 nafargacha shtat birligi berildi. Bundan tashqari, ishsiz yoshlar va xotin-qizlarda motivatsiya uyg'otib, kasbiy ko'nikmalar shakllantirish, psixologik, huquqiy, tibbiy va moliyaviy ko'mak berish chora-tadbirlari belgilandi.

Ikkinchidan, oilaviy psixolog xizmati va tuman adliya bo'limi orqali huquqiy maslahatlarni bepul tashkil etish hamda yolg'iz keksa ayollar bilan patronaj hamshiralar, yoshlar, mahalla va oila bo'limlari ishlashi lozimligi, ayollar bandligini ta’minlash hokimning investitsiya bo'yicha o'rinbosari, tuman va shahar bandlik bo'limi, Tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlash markazi, Bosh vazir qabulxonalari va banklarning eng muhim vazifasi bo'lishi kerakligi ta’kidlandi.

Uchinchidan, yig'ilishda “ijtimoiy shartnoma” tajribasini keng qo'llash muhimligi aytilib, bunda, avvalo, fuqaro kasb o'rganishi, ishga joylashishi, o'zini o'zi band qilishi uchun davlat tomonidan moddiy va ijtimoiy ko'mak ko'rsatilishi belgilandi. Ayniqsa, “Daftar”lar bilan ishlashda nodavlat notijorat tashkilotlar imkoniyatlaridan samarali foydalanish, ular bilan hamkorlikni kengaytirib, jazoni o'tab qaytganlarning ijtimoiy moslashuvi, yoshlar va ayollarni psixologik qo'llab-quvvatlash, ularni chet tillari va kasb-hunarga o'qitish kerakligi uqtirildi.

O'rganilgan ma’lumotlar bo‘yicha, bugungi kunda yurtimizda ehtiyojmand xotin-qizlarning 55 foizi o'rta ma’lumotli hisoblanadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, “Yoshlar va xotin-qizlarni mehnat bozorida talab yuqori kasb-hunarlarga tayyorlashni tizimli yo'lga qo'ysak, ularning munosib ish topishiga ko'maklashsak, ko'plab ijtimoiy va iqtisodiy muammolar hal bo'ladi. Buning uchun nafaqat davlat ta’lim muassasalari, balki mingdan ziyod nodavlat kasb-hunar ta’limi markazlarini ham jalb qilish zarur”. Demak, mamlakatimizda xotin-qizlarning salohiyatini to'liq ro'yobga chiqarish uchun barcha shart-sharoitlarni ta’minlash davlat siyosati darajasiga ko'tarildi va bu borada qator ijobiy natijalarga erishilmoqda. Hokimlarning mahalla va oila masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari “ayollar daftari” bo‘yicha mas'ul hisoblanadi.

Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 29 dekabrda Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida davlat va jamiyat boshqaruvida xotin-qizlarga munosabat, ayollarga munosib hayot sharoitlarini yaratib berish, ularning muammolarini tizimli o‘rganish, mehnat hamda tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish masalalariga jiddiy e'tibor qaratilganligi e'tiborga molik holat. Chunki, mazkur Murojaatnomaning oltinchi bandida: davlat va jamiyat boshqaruvida ayollarning o‘rni va mavqeini yanada mustahkamlash – islohotlarimizning eng ustuvor yo'nalishlaridan biri sifatida e'tirof etilganligi ahamiyatga molik.

Mamlakatimizda amaliy hayotga tadbiq etilayotgan islohotlarni tahlil etar ekanman, Kasaba uyushmalari federatsiyasi boshchiligida mutasaddi idoralar, banklar va hokimliklar tomonidan joylarda uyma-uy yurib, 6 milliondan ortiq xotin-qizlarning muammolari puxta o‘rganilganligiga diqqat qaratmoqchiman.

    Achchiq bo‘lsa ham, to‘g‘risini tan olib aytishimiz kerakki, bu o‘rganishlarimiz natijasida birinchi marta joylardagi haqiqiy ahvol yuzaga chiqdi. Shular asosida “Ayollar daftari” shakllantirildi, xotin-qizlarni qiynayotgan ko‘plab ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga amaliy yechim topilmoqda.

Sohada qilinayotgan islohotlarda mahallalarda yangi tashkil etilgan “Ayollar maslahat kengashlari” ham yaqindan ko‘mak bermoqda. Lekin bu hali ayollar muammolarini yechish uchun biz bajarishimiz shart va zarur bo‘lgan ishlarning boshlanishi, xolos.

Mamlakatimizda istiqomat qilayotgan aholining qariyb yarmi – 17 millioni xotin-qizlardir. Opa-singillarimiz, qizlarimiz, onaxon va momolarimizga munosib sharoit yaratib berish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishimiz lozim.

Ayollarning andisha qilib, ayta olmagan dardu tashvishlari, kundalik muammolari, orzu-niyatlarini ularning o‘zidan yaxshi tushunadigan inson yo'q.

Xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini oshirish ularga yangi imkoniyatlar yaratish bo‘yicha navbatdagi qadam sifatida hayotni va ayollar muammolarini yaxshi biladigan, faol va tashabbuskor opa-singillarimizdan iborat Respublika Xotin-qizlar jamoatchilik kengashini tashkil etish taklifi bildirildi.

Ayollarning biznes sohasidagi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash hamda joylarda aniqlangan xotin-qizlar muammolarini hal etish uchun budjetdan qo‘shimcha ravishda 1 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ yo'naltirildi. Buning uchun “Xalq banki” tomonidan joylarda xotin-qizlarni tadbirkorlikka o‘qitish, biznesga oid namunaviy rejalarni ishlab chiqish va kredit olishda ularga amaliy yordam ko‘rsatishning yangi tizimi joriy etilishi ta’kidlandi.

Xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va manzilli hal etish maqsadida joriy etilgan “ayollar daftari” 9 ta mezon asosida 433 ming nafar xotin-qiz kiritilib, elektron baza shakllantirildi.

Oliy Majlis Senatining joriy yil 28 may kuni XV yalpi majlisida O‘zbekistonda boshqaruv lavozimidagi xotin-qizlarning ulushi qanchaligi ma’lum qilindi. Unda ta’kidlanishicha, mamlakatda so‘nggi yillarda Gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, sohaga oid 25 ta qonun hujjati qabul qilingan. O‘zbekiston ilk marotaba milliy parlamentda xotin-qizlar soni BMT tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetgan.

Xotin-qizlarning siyosiy partiyalardagi ulushi 44 foizga, oliy ta’limda 40 foizga, tadbirkorlikda 35 foizga, 81 ta vazirlik va idoralarda ilg‘or va bilimli ayollardan iborat 15 mingdan ortiq kadrlar zahirasi shakllantirildi, ayollarning rahbarlik lavozimlaridagi ulushi 27 foizga yetdi. Tumanlarda hokim vazifasida tayinlangan ayollar soni olti nafarga yetdi. Hozirda ayollardan bir nafari elchi sifatida faoliyat yuritmoqda.

Xususan, xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi rolini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar natijasida har bir viloyat, shahar va tuman hokimlarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimining joriy etilishi, har bir hududdagi ayollar masalalarini hal etilishiga jiddiy e'tibor qaratilayotganligidan dalolat beradi.

So‘nggi 4 yilda kichik yoshdagi bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi ikki barobarga ortib, 60 foizga yetkazilgani, bog‘chalar soni ham uch barobar ko‘payib 14 mingga yetkazilgani ham uyda asosan bola tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lib qolayotgan ayollarimizga katta yengillik beradi. YUNISЕF hamda Jahon banki bilan hamkorlikda imkoniyati cheklangan bolalar uchun maktabgacha ta’limni uyda berish modeli yo'lga qo‘yilishi xotin-qizlarimizga yangi imkoniyat eshiklarini ochadi.

Ehtiyojmand oilalarning mingga yaqin qizlari ilk bor oliy o‘quv yurtlariga alohida davlat grantlari asosida qabul qilingani davlatning e'tiborga muhtoj oilalarga ko‘rsatayotgan cheksiz rag‘batidir. Bu yil ular miqdori ikki hissa oshirilishi muhim yangiliklardan hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 26 fevral kuni xotin-qizlarning muammolarini hal qilish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Shavkat Mirziyoyev: “Yeng og‘ir, murakkab masalalarimiz ayollar bo‘yicha. Xalqimizning talabi o‘sib borayapti. Biz shu talablarga munosib sharoit yaratib berishimiz kerak. Buni chuqur his qilmagan odam rahbar bo‘lib ishlolmaydi”, – deb alohida ta’kidlab o‘tdi. Darhaqiqat, agar mamlakatimiz aholisining qariyb yarmi – 17 millioni xotin-qizlar hisoblansa, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash, davlat va jamiyat hayotidagi o‘rnini mustahkamlash davlatimiz ijtimoiy siyosatining muhim yo'nalishlaridan biri sanaladi. So‘nggi to‘rt yilda bu borada 2 ta qonun, Prezidentning 6 ta farmon va qarori qabul qilindi. Birinchi marta Senatda Xotin-qizlar va gender tengligi masalalari bo‘yicha qo‘mita tashkil etilganligi ham bejiz emas, albatta.

    Ayni paytda mamlakatimizda 1 ming 400 ga yaqin ayollar respublika va viloyatlar, 43 mingdan ziyodi tuman va shaharlar darajasidagi rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritib kelmoqda. Hozirda ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarning 48 foizini xotin-qizlar tashkil etmoqda. 2020 yilda yo'lga qo‘yilgan tizimga muvofiq, 950 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj qiz oliy ta’lim muassasalariga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindi.

Bundan tashqari, yurtimizda ayollarning tadbirkorligi, tashabbuslari, davlat va jamiyat hayotining har bir jabhasida qo‘llab-quvvatlanib, birgina 2020 yilda 585 mingga yaqin xotin-qizlarning bandligi ta’minlandi va 36 mingdan ortiq ayollar kasb-hunarga o‘qitildi. Xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va manzilli hal etish maqsadida tashkil etilgan “ayollar daftari”ga 9 ta mezon asosida esa, 433 ming nafar xotin-qiz kiritilib, elektron baza shakllantirildi. Bugungi kungacha ularning 80 mingining muammolari hal etilganligi e'tiborga molik.

Shu bilan birga, hududlardagi tibbiy yordamga muhtojligi aniqlangan 44 ming nafar xotin-qizlarni alohida nazoratga olib, tibbiyot brigadalariga biriktirish, tor doiradagi shifokorlarni jalb qilgan holda, ularni davolash bo‘yicha topshiriqlar berilib, 2021 yil yakuniga qadar qariyb 9 million ayolni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan, jumladan, saraton skriningidan o‘tkazish vazifasi qo‘yildi. Onkologik kasalliklarni profilaktika qilish maqsadida 323 ming nafar qizlar odam papillomasi virusiga qarshi emlanishi belgilab qo‘yildi.

Ehtiyojmand ayollarning davolanishi uchun har yili Xotin-qizlar jamg‘armasiga qo‘shimcha 30-50 milliard so‘m ajratilishi, xotin-qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini kengaytirish, jismoniy tarbiya va raqs to‘garaklarini ko‘paytirish hamda ayollarning mamlakatimiz bo‘ylab sayohatlarini, sanatoriylarda davolanishini tashkillashtirish yuzasidan ko‘rsatma berildi. Yolg‘iz ayollarning farzandlarini maktabgacha ta’lim muassasasiga qabul qilish va to‘lovlarini qoplash borasida ham yengilliklar beriladigan bo‘ldi.

Ko‘rinib turibdiki, mazkur muammolar muhokama qilinar ekan, uy-joy masalasi albatta o‘rtaga chiqadi. Chunki oilaviy ajrashishlar, ishsizlik, yetishmovchilik oqibatida uyga muhtoj bo‘lib yashayotgan ayollar hali ham ko‘p. So‘nggi yillarda minglab muhtoj ayollarga yangi turar joylar topshirildi. Qolaversa, kam ta’minlangan xotin-qizlar uy olishi uchun boshlang‘ich badal pulini to‘lab berish tizimi joriy etilgan.

Vaqtincha noturar joylarda istiqomat qilayotgan ayollarni uy bilan ta’minlash uchun har bir hududga 10 milliard so‘mdan, otasidan ayrilgan muhtoj qizlar manfaati uchun 5 milliard so‘mdan mablag‘ ajratilishi belgilandi. Bu mablag‘lar uy-joyning boshlang‘ich to‘lovini to‘lab berishga yo'naltirildi. Shuningdek, xotin-qizlarga turar joy ijarasi kompensatsiyasi uchun 11 milliard so‘m ajratildi. Ayniqsa, hozirgi kunda ayollarga, shu jumladan, tazyiqqa uchraganlarga malakali psixologik va huquqiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish ishlari olib borilmoqda.

Xotin-qizlarning davlat va jamiyat oldidagi fidokorona xizmatlari, o‘z sohalarida erishgan yutuqlarini rag‘batlantirish uchun alohida davlat mukofotini ta’sis etish taklifi ilgari surildi.

    Yuqorida ta’kidlangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi shuni ko‘rsatmoqdaki, 2017-2021 yillar davomida Harakatlar strategiyasi doirasidagi islohotlar hamda “2020-2030 yillarda O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi” loyihasi, 2030 yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsadlar va boshqa qonun hujjatlari yurtimizda davlat ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy hayotida xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash borasidagi strategik ustuvor yo'nalishlarni belgilab bermoqda. Natijada, davlat va jamiyat hayotida ayollar huquqlariga oid normativ-huquqiy hujjatlar yanada takomillashtirilib, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida xotin - qizlarning rolini oshirish hamda yurtimiz ayollarining tashqi va ichki siyosatdagi muhim vazifalarni hal etish borasidagi vakolatlarini kengaytirish borasida yangi davrni boshlab bermoqda.

Yuqorida keltirilgan fikr-mulohazalarga asoslanib, quyidagi tavsiyalarni berishni maqsadga muvofiq deyish mumkin:

Birinchidan, xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini oshirish ularga yangi imkoniyatlar yaratish bo‘yicha navbatdagi qadam sifatida hayotni va ayollar muammolarini yaxshi biladigan, faol va tashabbuskor opa-singillarimizdan iborat Respublika Xotin-qizlar jamoatchilik kengashini tashkil etish;

Ikkinchidan, gender tenglik mavzusidagi ta’limga kompleks yondashuvni ta’minlash maqsadida “Gender siyosati muammolari va uni amalga oshirish mexanizmlari” o‘quv kursi tashkil etilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi;

Uchinchidan, olis hududlarda xotin-qizlarning mehnat, ta’lim va ijtimoiy huquqlarini ta’minlash borasidagi aniq masalalarning yechimiga yo'naltirilgan gender tenglikni ta’minlash mavzusidagi tatqiqot loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish;

To‘rtinchidan, gender muammolarini o‘rganib, ushbu sohada taklif va tavsiyalar beradigan ilmiy tatqiqot muassasasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish lozim deb hisoblaymiz;

Beshinchidan, xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik doirasida Osiyo qit'asidagi oliy o‘quv yurtlari reytingini tuzishda ilm-fan bilan shug‘ullanuvchi xotin-qizlar faoliyatini son va sifat jihatdan qo‘llab-quvvatlash nuqtai nazaridan baholash, shuningdek Osiyo mintaqasi davlatlari o‘rtasida olima ayollar uchun xalqaro tanlov (Umumevropa olima ayollar tanloviga o‘xshash) tashkil etish masalalarini o‘rganish kabilar.

Xulosa qilib aytganda, bugungi kunda mamlakatimizda gender tenglikni ta’minlash, davlat va jamiyat hayotida xotin-qizlarning jamiyatdagi nufuzini oshirish davlatimiz siyosatining ustuvor yo'nalishiga aylangan va bu borada tizimli islohotlar 2030 yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanish sohasidagi xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash borasidagi strategik maqsadlarni ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.

    Barnoyeva Gulxayo Rahmonovna

Barqaror rivojlanish jarayonlarini

o‘rganish bo‘limi bosh ilmiy xodimi